Yangiliklar
Uzbekistan Airways Technics
Sayt test rejimida. Ba'zi bo'limlar mavjud bo'lmasligi mumkin.
Sayt test rejimida.
Ba'zi bo'limlar mavjud bo'lmasligi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasidagi tarixiy voqea: Uzbekistan Airways Technics rivojlanishining yangi bosqichi!
8-may kuni Uzbekistan Airways Technics bazasida chinakam tarixiy voqea sodir bo‘ldi. Aviakorxonaning yuqori malakali mutaxassislari tomonidan ta’mirlash ishlari yakunlangach, havo kemasi qanotida bevosita dvigatelning murakkab sinovlari (On-Wing testing) muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Mazkur jarayon General Electric (GE) korporatsiyasining rasmiy vakili qat’iy nazorati ostida o‘tkazildi. Hodisaning alohida ahamiyati shundaki, sinovlar bevosita Boeing 787 Dreamliner laynerida o‘tkazildi.
Ushbu muhim yutuqdan avval General Electric korporatsiyasi bilan keng ko‘lamli hamkorlik ishlari olib borildi. Aviakorxona mutaxassislari intensiv o‘quv kurslarini tamomlab, tegishli xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishdi, shuningdek GEnx-1B dvigatelini Engine split (dvigatelni qismlarga ajratish) hamda dvigatel qismlarini ulash/ajratish jarayonlarini mukammal o‘zlashtirishdi. Tayyorlov tadbirlarining ulkan majmuasi amalga oshirilgani tufayli, Uzbekistan Airways Technics o‘z texnik rivojlanishining yanada yuqori bosqichiga ishonch bilan o‘ta oldi.
“2023-yilda boshlangan loyiha Uzbekistan Airways va General Electric o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim qadam bo‘ldi. Ushbu ilg‘or texnologiyani muvaffaqiyatli o‘zlashtirish uchun biz Uzbekistan Airways Technics mutaxassislarini Dohaga intensiv o‘qishga yubordik. Uch oy davomida ular nafaqat malakalarini oshirishdi, balki nufuzli xalqaro sertifikatlarga ham ega bo‘lishdi. Men aviakorxonamizning har bir xodimi va General Electricdagi hamkasblarimizga ushbu yutuq va umumiy ishga sadoqati uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman”, — dedi “Uzbekistan Airways Technics” MChJ direktori Farxod Ibragimov.
“Bunday darajadagi vazifalarni amalga oshirish katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan yuqori professional jamoa ishtirokini talab qiladi. Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari bilan birgalikda biz haqiqatan ham ulkan ishni amalga oshirdik. Ushbu muvaffaqiyatli loyiha nafaqat hamkorligimizni mustahkamlaydi, balki havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish muddatlarini maksimal darajada optimallashtirish imkonini beradi”, — dedi Igor Zabelin, GE Aviation fuqarolik aviatsiyasiga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh muhandisi.
Mazkur innovatsion dasturning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bir asrlik tarixga ega aviakorxonaning nufuzi va imijini mutlaqo yangi xalqaro bosqichga olib chiqmoqda. Bugungi kunda Uzbekistan Airways Technics butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli xizmatlarni taklif etmoqda. Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Airways Technics — Uzbekistan Airways kompaniyalar guruhi tarkibiga kiradi. Aviakompaniyamiz mintaqada Boeing 787 Dreamliner laynerlarini ekspluatatsiya qilayotgan yagona aviatashuvchi maqomiga ega. Bundan tashqari, Uzbekistan Airways MDH hududida Nyu-Yorkka muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri transatlantik reyslarni amalga oshirayotgan yagona aviakompaniya bo‘lib qolmoqda.
“Avvallari ushbu dvigatelni xorijga yuborish, ta’mirlash va qaytarishning to‘liq sikli uch oydan olti oygacha vaqt olardi. Tashish jarayonining o‘zi tor ixtisoslashgan yuk samolyotlarini jalb qilishni talab qiladigan nihoyatda murakkab logistika vazifasi edi. Endilikda esa, o‘zlashtirilgan texnologiya tufayli dvigatelni qismlarga ajratilgan holda standart yuk samolyotlarida tashish mumkin bo‘ldi. Bu logistika jarayonini tubdan soddalashtiradi va murakkab texnik hamda ekspluatatsion vazifalarni imkon qadar tezkor hal qilish imkonini beradi”, — deya xulosa qildi Minur Beshatov, Uzbekistan Airwaysning parvozga yaroqlilikni ta’minlash departamenti direktori.
Har bir xavfsiz va qulay parvoz ortida ulkan jamoaning mashaqqatli mehnati mujassam: mintaqadagi eng yirik korxona — bir asrlik tajribaga ega Uzbekistan Airways Technics hamda Yevropaning eng yuqori EASA standartlariga qat’iy muvofiq ravishda yangi avlod professional aviatorlarini tayyorlayotgan zamonaviy O‘quv-mashg‘ulot markazining ilg‘or innovatsiyalari.
![]() |
![]() |